Koronavirusga chalinganlar qanday oʻladi — qirgʻizistonlik shifokor bilan intervyu

Nookat kasalxonasining birorta shifokori koronavirusga chalinganlarni davolashdan bosh tortgani yoʻq

Koronavirusga chalinganlar qanday oʻladi — qirgʻizistonlik shifokor bilan intervyu


Nookat kasalxonasining birorta shifokori koronavirusga chalinganlarni davolashdan bosh tortgani yoʻq, deb hikoya qiladi Asamidin Maripov. Ular shunchaki sogʻligʻi jihatdan nimjon boʻlgan tibbiyot xodimlarini virusga chalinganlardan uzoqlatishga majbur boʻlgan

Nookat hududiy kasalxonasi rahbari Asamidin Maripovga qoʻngʻiroq qilib tushishning deyarli imkoni yoʻq: shu kunlarda u juda band. Faqat kechki toʻqqizga yaqin u Sputnik Qirgʻiziston muxbiri bilan suhbatlashishga vaqt topdi.

 

— Kasalxonaga birinchi bemorlarni olib kelishgan vaqtni eslaysizmi? Ular bilan uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechgan?

— Dastlab hech kimda qoʻrquv hissi boʻlmagan. Axir biz hech qachon bu singari bemorlarga duch kelmaganmiz, bunday kasallik qay darajada ogʻir kechishini bilmas edik. Bu grippning yangi bir turi, deb oʻylardik. Keyin infektsiya haqida koʻproq maʼlumot olishni boshladik, va bu holat bizni koronavirusga jiddiyroq qarashga majbur qildi.

Umuman, shunday tashxisga ega bemorlar kela boshlagach, shifokorlarda qoʻrquv yoʻqoldi. Hozirda ularning aksariyati oʻzini yaxshi his qilmoqda.

— Butun dunyo boʻyicha shifokorlar koronavirusga chalinib, vafot etmoqda. Sizning kasalxonangizda kimdir bemorlarni davolashdan voz kechdimi?

 

— Yoʻq, axir biz Gippokrat qasamyodini qabul qilganmiz. Lekin sogʻligʻida jiddiy muammolar boʻlgan shifokorlarni biz oʻzimiz bemorlarni davolashga yaqinlashtirmadik.

— Bu chindan ham oddiy grippga oʻxshaydimi?

— Yoʻq, koronavirus — aniq gripp emas. Virusni yuqtirganlarning 90 foizida umuman hech qanday alomatlar yoʻq. Yaʼni, ular organizmida virus bor va test oʻtkazilgan taqdirda bu tasdiqlanadi, faqat bemorlarning oʻzlari faqat tashuvchi hisoblanadi va infektsiyadan aziyat chekmaydilar.

Qolgan 10 foiz bemorlarda kasallik oʻta ogʻir kechishi mumkin — bunda hammasi insonning yoshi, sogʻligʻi va ovqatlanishi sifatiga bogʻliq. Bunday holatlarda bemorning birdan issigʻi chiqadi, temperatura 40 darajaga yetishi mumkin. Keyin quruq va azob beruvchi yoʻtal boshlanadi.

Ikkinchi sutkada nafas olish ogʻirlashadi, bemor sogʻligʻi ogʻirlashishi mumkin, shunda uni zudlik bilan jonlantirish boʻlimiga olib, apparatlarga ulash talab etiladi. Bunday bemorlarda, siz bilasizki, oʻpkasi juda lat yeydi va ular reanimatsiyada doimiy parvarishga va kislorod terapiyasiga ehtiyoj sezadi.

 

— Hozir Qirgʻizistonda koronavirus tufayli sodir boʻlgan oʻlimlar soni beshta, deb qayd etilgan. Ulardan biri sizning kasalxonangizda davolangan. Shu bemor haqida gapirib bering.

— Bu juda keksa kishi boʻlib, qandli diabetdan aziyat chekardi, Kasallik tarixida miokard infarkti kasalligi va B turdagi gepatit bor edi. Bemoraning immuniteti oʻta past boʻlib, shu bois, tibbiyot xodimlarining urinishlari besamar ketdi.

— Men italiyalik va rossiyalik shifokorlar intervyusini oʻqiganman, ular koronavirusga chalingan odamlar oʻlimi ogʻir kechishi haqida gapirganlar. Bu rostmi?

— Ha, bu rost. Insonda kuchli intoksikatsiya yuz beradi, agar u hushida boʻlsa, juda azob chekadi. Bunday bemorlarda sekin-asta barcha organlari ishdan chiqishni boshlaydi. Bemor yonida tajribali reanimatolog boʻlishi va texnik jihatdan yaxshi taʼminlanganlik muhim ahamiyatga ega.

 

— Yoshlar nisbatan kasallikni yengil kechirishlari rostmi?

— Bizda yosh va oʻrta yoshli toʻrt nafar bemor bor edi, ularda kasallik ogʻir turdagi gripp singari kechgan. Baxtimizga, biz ularni davolay oldik, ammo yoshi 80dan oshgan bemorlarni davolash oson emas.

Bizda hatto koronavirusni yuqtirgan goʻdak ham bor, ammo virus uning sogʻligʻiga mutlaqo xavf solayotgani yoʻq. Bolakay u bilan ogʻrimayapti, u shunchaki tashuvchi.

— Ularni qanday davolayapsiz, axir koronavirusga qarshi preparat yoʻq-ku?

— Bu kasallikni davolaydigan dori haqiqatan yoʻq. Agar virusni yuqtirgan insonda hech qanday alomatlar kuzatilmasa, biz uning sogʻligʻini shunchaki kuzatib boramiz, soʻngra unga javob beramiz.

Agar issigʻi koʻtarilib, yoʻtal paydo boʻlsa, nafas olishi ogʻirlashsa, bemor ahvolini yengillashtiradigan tadbirlarni amalga oshirishni boshlaymiz. Misol uchun, ayrim holatlarda biz OIV aniqlangan bemorlarga ishlatiladigan preparatlarni qoʻllaymiz. Lekin bu dorilar jigar va buyrakka salbiy taʼsir koʻrsatadi.

 

Ayrim kasallar kislorod terapiyasiga muhtoj. Biz bunday uskuna bilan toʻliq taʼminlay olamiz, kasalxonamizda shu maqsadlar uchun moʻljallangan 50ta preparat bor.

—Siz bemorlarni shaxsan kuzatib borasiz, kasallik xavf soladigan yoshdasiz. Qoʻrqmaysizmi?

— Yoʻq, qoʻrquv yoʻq. Ishga kirishishdan oldin maxsus oʻquv-mashgʻulotlarini oʻtkazgan edik, shifokorlar koronavirusni yuqtirib olmaslik uchun oʻzlarini qanday tutishlari kerakligi borasida. Hamma narsaga egamiz - maxsus kostyumlar, niqoblar, etik, koʻzoynak. Kasalxonamizning birorta xodimi kasallikka chalingani yoʻq.

— Rossiyalik tibbiyot xodimlari bergan intervyularda himoya kostyumlarini kiyish juda koʻp vaqt olishi haqida oʻqigandim.

— Ha, dastlabki vaqtda, zamonaviy kostyum va niqoblar yetishmaganida, sovet davridan qolgan eski himoya kostyumlaridan foydalanishimizga toʻgʻri kelgan. Ularda bogʻichlar soni juda koʻp. Qolaversa, bunday kostyumlarda ishlash juda ogʻir edi, tana terlardi. Zamonaviy kostyumlar esa 2-3 daqiqada kiyiladi.

— Hozirda koronavirus bemorlarini deyarli butun dunyo kuzatmoqda, ularga xuddi biologik quroldek munosabatda boʻlishmoqda. Bu davrni ular qanday yashab oʻtayapti?

— Bunday bemorlar rejimi haqiqatan juda qatʼiy: ular palatani shunchaki tark eta olmaydi, ularning hojatxonasi, dushi ham alohida, begonalarga ular yotgan joyga kirish man etiladi.

Shu bois, ayrimlarida depressiya kuzatilayotgani ham bejizdan emas. Biz ularga tez orada bularning barchasi poyoniga yetishini, ular oʻz uylariga toʻlaqonli inson sifatida qaytishlarini tushuntiramiz.

 

— Sizlarga yordam berish uchun biz nima qilmogʻimiz kerak?

— Bu eng asosiy savol! Kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan osonroq. Koronavirusga chalingan bitta bemorning davolanishiga oʻn emas, yuz minglab som sarflanadi! Profilaktika ancha arzonga tushadi.

Uyda qoling, qoʻlingizni tez-tez yuving, gigiyena normalariga amal qiling. Shu orqali siz oʻzingini nafaqat koronavirus, balki boshqa kasalliklardan ham himoyalagan boʻlasiz.

REUTERS / Aly Song

Read more: https://oz.sputniknews-uz.com/analytics/20200411/13904831/Koronavirusga-chalinganlar-anday-ladi--irizistonlik-shifokor-bilan-intervyu.html