Oʻzbekiston hukumati Frantsiyadan Gulnora Karimovaga tegishli 10 mln $lik aktivlarni qaytardi

Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetiga oʻtkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.

Oʻzbekiston hukumati Frantsiyadan Gulnora Karimovaga tegishli 10 mln $lik aktivlarni qaytardi


TOSHKENT, 14 may - Sputnik. Gulnora Karimovaga tegishli 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar Frantsiyadan Oʻzbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

"Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan Oʻzbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan mulklarni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Frantsiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarildi", - deyiladi xabarda.

Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetiga oʻtkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish boʻyicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada Oʻzbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Oʻzbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish boʻyicha Shveytsariya, AQSH, Frantsiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Gulnara Karimova

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular G.Karimova (uning oila aʼzolari)ning tasarrufida emas.

"Shu bois, muqaddam ayrim OAVlarda xabar berilganidek, Oʻzbekistonga mulklar va mablagʻlar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi", - deya taʼkidlanadi xabarda.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida tovlamachilik va soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlagani uchun sudga tortilgan edi, 2017 yilning 18 dekabrida yana bir jinoiy ish doirasida G.Karimovaga oʻn yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Joriy yil 18 mart kuni sud hukmi bilan G. Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.



Read more: https://oz.sputniknews-uz.com/news/20200514/14133943/zbekiston-ukumati-Frantsiyadan-Gulnora-Karimovaga-tegishli-10-mln-lik-aktivlarni-aytardi.html