Shavkat Mirziyoyev Soʻx voqealari haqida gapirdi
Davlat rahbari oʻtgan hafta Soʻx tumanida boʻlgan voqealarga ham toʻxtalib, munosabat bildirdi.
Yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan hafta Soʻx tumanida boʻlgan voqealarga toʻxtalib, munosabat bildirdi.
TOSHKENT, 6 iyun — Sputnik. Fargʻona shahrida Shavkat Mirziyoyev viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari bilan yigʻilish oʻtkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
“Men qisqa, sizlar koʻproq gapirsalaringiz toʻgʻri boʻladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov boʻlib boʻlgan - bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qoʻyyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija boʻlmaydi. Tumanlarga oʻzim borishimning sababi - odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan oʻtkazib, aniq choralar koʻrish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish. Har kuni bunday uchrashuv boʻlmaydi. Achchiq-achchiq masalalarni qatʼiy qoʻyinglar,” - dedi prezident.
Davlat rahbari oʻtgan hafta Soʻx tumanida boʻlgan voqealarga ham toʻxtalib, munosabat bildirdi.
“Keyingi yillarda qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi koʻp muammolarni hal qilishga erishdik. Soʻxdagi voqealar qirgʻiz xalqi bilan doʻstligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga taʼsir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli boʻlishimiz zarur. Qoʻshnichilik - ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh boʻlib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak,” - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan muammolar oʻrganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan. 2020-2022 yillarda Soʻx tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilangan. 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan.
98 ta loyiha amalga oshirilib, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalari rivojlantiriladi.
Jismoniy shaxslar yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad soligʻi stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. 1 ming gektar ekin yerlarida suv taʼminoti yaxshilanadi.
Tuman tibbiyot birlashmasi boʻlimlari, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, markaziy shifoxona tibbiy asbob-uskunalar va maxsus reanimobil bilan taʼminlanadi. Maktablar, qishloq vrachlik punktlari, yoʻllar va ijtimoiy obʼyektlar taʼmirlanadi.
Soʻxlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qoʻshimcha 500 ta oʻrin ajratiladi.